YChL: «Arsenal» so‘nggi daqiqadagi gol evaziga «Sporting»dan ustun keldi

8-aprel 2026 02:19 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: UEFA

Lissabonda bo‘lib o‘tgan UEFA Chempionlar ligasi chorak finalining dastlabki uchrashuvida Angliyaning «Arsenal» klubi safarda Portugaliyaning «Sporting» jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Birinchi bo‘limda jamoalar, asosan, himoyaviy va ehtiyotkorona harakat qilishdi. Uchrashuvning 31-daqiqasida «Sporting» yarim himoyachisi Xidemasa Morita qo‘pollik ishlatgani uchun hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi. Tanaffusga qadar hisob ochilmadi.

Foto: UEFA

Ikkinchi bo‘limda Mikel Arteta boshchiligidagi mehmonlar bosimni sezilarli darajada oshirishdi. O‘yinning 64-daqiqasida «Arsenal» yarim himoyachisi Martin Subimendi raqib darvozasini ishg‘ol qilgan edi, biroq hakamlar VAR (Video Assistant Referee) tizimi orqali golni bekor qildi.

Foto: UEFA

Uchrashuv durang bilan yakunlanayotgan bir pallada londonliklar vaziyatni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lishdi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtning birinchi daqiqasida Gabriel Martinellining uzatmasidan so‘ng Kay Xaverts darvozani aniq nishonga oldi. Natijada «Arsenal» javob o‘yini oldidan muhim ustunlikni ta’minladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Bavariya» safarda «Real»dan ustun kelgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek