
O‘zbekistonda 10–12-aprel kunlari kutilayotgan kuchli yog‘ingarchiliklar sabab bir qator hududlarda sel va suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» tezkor ogohlantirish bilan chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayniqsa tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi aholi ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Xavf Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlari, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlari, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana hududlari ham xavf ostida.
Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlari, Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlari, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida ham sel kelishi ehtimoli mavjud.
Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahrida ham suv toshqinlari yuz berishi mumkin.
Mutaxassislar tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar va haydovchilarni ayniqsa hushyor bo‘lishga chaqirmoqda. Kuchli yomg‘irlar oqibatida ayrim joylarda yomg‘ir suvlari to‘planib, pastqam hududlarni suv bosishi ehtimoli ham bor.
Aholiga daryo va soylar yaqinida bo‘lmaslik, xavfli hududlarda harakatni cheklash, ob-havo ogohlantirishlariga amal qilish tavsiya etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 9-aprel kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgandi.