
2026-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekistondagi yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqargan elektr energiyasi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 40 foizga oshdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Joriy yilning birinchi choragida quyosh va shamol elektr stansiyalari jami 2,368 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Xususan, quyosh FES 1 mlrd 159,6 mln kVt/soat, shamol ES esa 1 mlrd 208,6 mln kVt/soat energiya yetkazdi. Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi natijasida 631 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi va atmosferaga 1,3 mln tonna zararli moddalar chiqishining oldi olindi.
O‘tgan yilning mos davrida, ya’ni 2025-yilning yanvar – mart oylarida, quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan jami 1,690 mlrd kVt/soat (quyosh – 971,8 mln, shamol – 718,4 mln kVt/soat) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi. Bu yilgi ko‘rsatkich esa oldingi yilga nisbatan 678,1 mln kVt/soat yoki 40 foizga ko‘p ekanini bildiradi.
Mazkur hajmdagi elektr energiyasi o‘rtacha 3,9 mln xonadonning uch oyga mo‘ljallangan iste’molini yoki 986 ming xonadonning bir yillik me’yoriy bazasini ta’minlashga tengdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mart oyida «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi 9,7 foizga oshgani haqida yozgan edik.