2026-yilda So‘x tumaniga 40 million dollar sarmoya jalb qilinadi

eʼlon qilindi
Har bir mahallada 10 tadan mikroloyiha ishga tushiriladi
2026-yilda So‘x tumaniga 40 million dollar sarmoya jalb qilinadi / Foto: President.uz

Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga joriy yilda $40 mln sarmoya jalb qilish va $15 mlnlik eksportni ta’minlash rejalashtirilgan. Shavkat Mirziyoyev So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ijtimoiy infratuzilma va aholining hayot sifati

Ta’kidlanganidek, ilgari So‘x hududi transport va logistika imkoniyatlari cheklangan, iqtisodiy aloqalari sust bo‘lgan hududlardan biri edi. So‘nggi yillarda yangi yo‘llar ochildi, chegaradan o‘tish tartiblari soddalashtirildi, tadbirkorlik uchun sharoitlar yaxshilandi. Hududda zamonaviy bog‘cha, maktab, poliklinika va uy-joylar barpo etildi. Bugungi kunda 25 ta mahallada 88,6 ming aholi yashaydi, 29 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 33 ta maktab, 2 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi va 14 ta sog‘liqni saqlash muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy o‘sish va investitsiyalar

Joriy yilda tumanga $40 mln sarmoya jalb qilish, $15 mlnlik eksportni ta’minlash rejalashtirilgan. Sanoatda 9 foiz, xizmatlar sohasida 17,1 foiz va qishloq xo‘jaligida 7,6 foiz o‘sish ko‘zda tutilgan. Har bir mahallada 10 tadan, jami 300 ta mikroloyiha ishga tushiriladi, 8,6 ming aholi kasb-hunarga o‘qitiladi. Banklar tomonidan loyihalarga 64 mlrd so‘m, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari uchun qo‘shimcha 74,5 mlrd so‘m ajratiladi.

Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish

So‘xning betakror tabiati, musaffo havosi, daryolari va salqin iqlimi turizmni rivojlantirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Sarikanda, Rovon va Istiqlol mahallalaridagi So‘x daryosi qirg‘oqlarida yangi turizm obyektlarini qurish, shuningdek, tibbiy xizmatlar klasterini tashkil etish rejalashtirilgan. Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasiga $60 mln investitsiya jalb qilish, 2 ming ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini 15 mlrd so‘mga, eksportni esa $2 mlnga oshirish ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligi va transport-logistika

Hududdagi aholi daromadining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq. Qayroq massividagi 425 gektar yaylovda mevali bog‘lar, Chashma mahallasida 60 gektar za’faron plantatsiyalari, Ozod va So‘x xo‘jaliklarida 100 gektar kartoshka maydonlari tashkil etiladi. Navobodda baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha 30 hovuzdan iborat loyiha amalga oshiriladi.

Devayron va Tul-dasht hududlarida 8 km o‘zi oqar sug‘orish tarmog‘i qurilishi orqali 500 gektar mevali bog‘ va 300 gektar ekin maydonini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, transport-logistika masalalari keng ko‘rib chiqilib, hududning boshqa mintaqalar bilan bog‘liqligini oshirish va chegaradan o‘tishni tezlashtirish choralariga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazgan edi.

Shuningdek