
2026-yil 22-apreldan boshlab O‘zbekistonda bank va to‘lov tashkilotlarining mobil ilovalari uchun yangi xavfsizlik talablari kuchga kiradi. Kursiv Uzbekistan yangi qoidalar qanday ishlashi va o‘zgarishlarni bitta maqolada taqdim etadi.
Mazkur tartib O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, 21-yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hujjatning asosiy maqsadi sifatida kiberxavfsizlikni kuchaytirish va firibgarlik holatlarini kamaytirish qaralmoqda.
Mundarija:
- Akkauntga yangi qurilma orqali kirish tartibi;
- Telefon raqami va shaxsga moslik talabi;
- Online kreditlar uchun qo‘shimcha himoya;
- SMS xabarnomalar va maxfiylik;
- Pasportingizga rasmiylashtirilgan raqamlarni qanday tekshirish mumkin.
Akkauntga yangi qurilma orqali kirish tartibi

Yangi qoidalarga ko‘ra, foydalanuvchi o‘z akkauntiga yangi qurilmadan kirishga urinsa, oddiy SMS-kod yetarli bo‘lmaydi. Tizim avtomatik ravishda qo‘shimcha tekshiruvni ishga tushiradi. Bunday holatda foydalanuvchi biometrik identifikatsiyadan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bu esa firibgarlarning boshqa qurilmadan hisobga kirish ehtimolini keskin kamaytiradi.
Shuningdek, banklar qurilmalarni texnik belgilar orqali aniqlaydigan maxsus tizimlarni joriy etadi. Bu usul shubhali faoliyatni erta aniqlashga yordam beradi. Ushbu amaliyot ba’zi to‘lov ilovalarida oldin ham ishlatilayotgan edi. Usul kiberjinoyatlarning oldini olishda samara berishi mumkin.
Telefon raqami va shaxsga moslik talabi

Endilikda mobil ilovalarda ro‘yxatdan o‘tishda telefon raqami foydalanuvchining o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart bo‘ladi. Bu ma’lumot avtomatik tarzda mobil operatorlar bazasi bilan tekshiriladi. Agar foydalanuvchi boshqa shaxs nomidagi SIM-karta bilan ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsa, tizim buni aniqlaydi hamda jarayonni to‘xtatadi. Bu talab, asosan, yangi foydalanuvchilarga nisbatan qo‘llanadi.
Avvaldan boshqa nomdagi raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar esa ilovadan foydalanishda davom etadi. Bu o‘zgarish tizimga keskin o‘tishni yumshatish uchun joriy qilingan.
Markaziy bank yaqin qarindoshi (ota-ona, aka-uka, opa-singil, farzand va turmush o‘rtoq) nomi bo‘lsa ishlashda davom etishini qayd etgan.
Online kreditlar uchun qo‘shimcha himoya

So‘nggi yillarda fuqarolar nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘paygani sabab yangi mexanizmlar joriy etildi. Endi mobil ilova orqali kredit rasmiylashtirilgandan keyin ham pul o‘tkazilishidan oldin yana biometrik tekshiruv o‘tkaziladi. Agar tizim firibgarlik alomatlarini aniqlasa, operatsiya avtomatik bloklanadi.
Bundan tashqari, agar kredit firibgarlik yo‘li bilan olingani aniqlansa va shaxs jabrlanuvchi sifatida tan olinsa, bank foizlar va jarimalarni hisoblashni to‘xtatadi. Bu fuqarolarni moliyaviy bosimdan himoya qiladi.
SMS xabarnomalar va maxfiylik

Yangi tartiblar bank kartalarini boshqarish tizimiga ham ta’sir qiladi. Endilikda mobil ilova yoki boshqa onlayn platformalar orqali SMS xabarnoma xizmatini o‘zgartirish taqiqlanadi.
Bu firibgarlarning eng ko‘p qo‘llaydigan usullaridan birini yo‘q qiladi. Chunki ular odatda xabarlarni boshqa raqamga yo‘naltirish orqali nazoratni qo‘lga oladi. Shuningdek, pul o‘tkazmalari vaqtida foydalanuvchining to‘liq shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmaydi. Masalan, familiya to‘liq emas, faqat birinchi harfi bilan chiqadi.
Pasportingizga rasmiylashtirilgan raqamlarni qanday tekshirish mumkin
So‘nggi paytlarda begona shaxslar nomiga SIM-karta rasmiylashtirish holatlari ko‘paymoqda. Bunday vaziyatni oldindan aniqlash uchun o‘z nomingizga nechta raqam ulanganini bepul USSD buyruqlar orqali tekshirishingiz mumkin.
- Beeline — *303#
- Ucell — *360#
- Mobiuz — *151#
- Uzmobile — 1005# yoki 106 raqamiga bo‘sh SMS yuborish kifoya.
Kursiv Uzbekistan nashri to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha yagona agentlik tashkil etilishi haqida yozgan edi.