Bond omborlar va elektron tijorat orqali 500 million dollar sarmoya jalb qilinadi

eʼlon qilindi
Mazkur omborlarda import tovarlari bojxona nazorati ostida saqlanadi
Bond omborlar va elektron tijorat orqali 500 million dollar sarmoya jalb qilinadi / Foto: Hafiza Muxtorova / Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda bond omborlar va elektron tijorat orqali $500 mln sarmoya jalb qilinishi rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev elektron tijorat sohasini rivojlantirish va zamonaviy bond omborlar tarmog‘ini yaratishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi.

So‘nggi sakkiz yilda mamlakatimizda elektron tijorat hajmi 20 barobar o‘sib, $1,3 mlrdga yetdi. Raqamli platformalar soni 120 tadan ortib, sohada 750 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilgan. Shu bilan birga, budjetga har yili 200 mlrd so‘m qo‘shimcha soliq tushumlari ta’minlanmoqda.

Taqdimotda elektron tijoratning chakana savdodagi ulushi O‘zbekistonda 4 – 4,6 foizni tashkil etib, jahondagi o‘rtacha 22 foizlik ko‘rsatkichdan 5 barobar kamligi ta’kidlandi. Ekspertlar mamlakatimizda ushbu ulushni 9 – 11 foizga yetkazish uchun yetarli salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Bond omborlar tashkil qilish taklifi elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur omborlarda import tovarlari bojxona nazorati ostida saqlanadi va bojxona to‘lovlari tovar sotilishi bosqichida amalga oshiriladi. Bu tizim orqali kamida $500 mln investitsiya jalb qilish imkoniyati mavjudligi aytildi.

Hozirda O‘zbekistonda omborlarning umumiy maydoni 634 ming kvadrat metrni tashkil etib, shundan 72 foizi Toshkent shahri va viloyatiga to‘g‘ri keladi. Mavjud omborlarning faqat 34 foizi zamonaviy «A» toifasiga mansub. Mutaxassislar mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun keyingi besh yilda 2,5 mln kvadrat metr zamonaviy omborlar kerakligini ta’kidlamoqda.

Shuningdek, bond omborlari va maxsus elektron savdo platformalarini soliq va bojxona tizimi bilan integratsiyalash orqali «import – bond ombori – elektron platforma – iste’molchi» zanjiri joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aktivlari $2,44 mlrd bo‘lgan UzNIF Toshkent va Londonda IPO o‘tkazish rejalarini e’lon qilgan edi.

Shuningdek