
Surxondaryo viloyat hokimligi Muzrobod tumanida yangi piyoz mahsulotlari tayyor bo‘lgani haqida ma’lum qildi. «Kursiv» yangi piyoz narxi, yetishtirish jarayonlari bilan qiziqdi.
Muzrabodlik fermer Sherzod Bekbolotovning «Kursiv»ga ma’lum qilishicha, yangi piyoz polizdan 2,5 ming so‘mdan narxlanmoqda. Yirik shaharlar bozorlariga 3-3,5 ming so‘m ulgurji narx bilan bormoqda.
«Oldinlari 1 gektar yerdan 40 tonna piyoz olgan bo‘lsak, hozirda 30 tonnagacha hosil olishimiz mumkin. Ammo harajatlar ko‘paygan, narxlar past» — dedi u nashr bilan shuhbatda.

Unga ko‘ra, piyozning urug‘ligidan to yetilgunga qadar mashaqqatlari juda ko‘p. U ko‘chatni ham boshqalarga xizmat haqqi evaziga yetishtirganini ham qo‘shimcha qildi.
«1 gektar maydondan 30 tonna hosil ololsam 10-15 mln so‘m foyda qila olishim mumkin. Ammo bozordagi narxlar doim 2 500-3000 so‘m deb aytib bo‘lmaydi. Kunlar isiy boshlasha narxlar yana pasayishi mumkin» — dedi u.
Toshkentda narx qanday

Toshkent bozorlarida yangi piyozni 8 ming so‘mdan boshlab xarid qilish mumkin. Yirik savdo tarmoqlari va do‘konlarda 12-14 ming so‘mdan sotilmoqda. Eski (2025-yilgi mavsumda yetishtirilgan) piyozlar narxi 1 ming so‘mdan boshlanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Yangi Qo‘yliq dehqon bozori — «Food city» savdo majmuasida 1000 va 2 200 so‘m oralig‘ida sotilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qishloq xo‘jaligi ekinlarini sovuqdan qanday himoya qilish mumkinligi haqida yozgan edi.