
8-aprel kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Olimpiya parkida joylashgan velodromda (stadion) yirik yong‘in yuz berdi. Hodisa tongda sodir bo‘lgan.
Yong‘inni o‘chirishga 80 ga yaqin o‘t o‘chiruvchilar va 20 ta maxsus texnika jalb qilingan. Mutasaddilar alanga tezda nazoratga olinganini bildirdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, inshootning tom qismi zarar ko‘rgan. Biroq velotrek saqlanib qolgan. Shahar meri Eduardo Kavaliere trek to‘liq butun ekanini aytdi.
Unga ko‘ra, velodrom qayta ishga tushirilishidan oldin tozalash va texnik xizmat ishlari o‘tkaziladi. Shundan so‘ng obyekt yana foydalanishga topshiriladi. Velodrom 2016-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari uchun qurilgan.
Inshoot ichida Olimpiya muzeyi ham joylashgan. Yong‘in vaqtida o‘t o‘chiruvchilar eksponatlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratgan. Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, 1-apreldan buyon ushbu velodromda o‘smirlar va kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionatining saralash bahslari o‘tkazilayotgan edi. 8-aprel kungi yong‘in sabab musobaqalar vaqtincha to‘xtatilgan.
«Hodisa vaqtida obyekt bo‘sh bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat jabrlanganlar yo‘qligini tasdiqladi. Barcha ishtirokchilarning xavfsizligi biz uchun ustuvor», – deyiladi federatsiya bayonotida.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Shuningdek, yong‘inning boshqa obyektlarga tarqalish xavfi kuzatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vyetnamda dunyodagi eng katta «Trong Dong» stadioni qurilishi boshlangani haqida yozgan edi.