Yangiliklar

Eron hukumati Hormuz bo‘g‘ozini nega yopdi

Bu qaror Isroilning Livan hududlariga amalga oshirgan qaqshatqich hujumidan keyin qabul qilingan
Eron hukumati Hormuz bo‘g‘ozini nega yopdi
Foto: AP Photo

Eron va AQSh o‘rtasida tuzilgan ikki hafta muddatdagi sulhga qaramay Eron hukumati Hormuz bo‘g‘ozini yopishga buyruq berdi. Bu qaror Isroilning Livan hududlariga amalga oshirgan qaqshatqich hujumidan keyin qabul qilingan.

AQSh Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt jurnalistlarga bayonot berib, prezident Donald Tramp Hormuz orqali harakatlanish hech qanday cheklovlarsiz tiklanishini istayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy ustuvor vazifa bo‘g‘ozni tez va xavfsiz ochishdir.

Foto: AP Photo

Eron davlat OAVi esa bu qaror Isroilning Livanga uyushtirgan hujumlariga javoban qabul qilinganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab ikki neft tankeri Eron ruxsati bilan o‘tgan, ammo keyinchalik harakat to‘xtatilgan.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Sayid Majid Musaviy Livanga qarshi har qanday hujum Eron uchun ham tajovuz sifatida baholanishini bildirgan. U Eron kuchli javobga tayyorlanayotganini aytgan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi kamida 112 kishi halok bo‘lganini va 837 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida yozgan edi.