
General Motors (GM) kompaniyasi Chevrolet Malibu avtomobillarining ayrim modellarini chaqirib olishni e’lon qildi. Sabab orqa ko‘rish kamerasidagi nosozlik bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, muammo 2023–2025-yillarda ishlab chiqarilgan modellarda aniqlangan. Kameraning tasviri buzilishi yoki umuman ishlamay qolishi mumkin. Bu esa orqaga harakatlanishda haydovchining ko‘rish imkoniyatini cheklab, avariya xavfini oshiradi.

Nosozlik kamera korpusidagi yopishtiruvchi qatlam sifatsiz bo‘lgani bilan bog‘liq. Vaqt o‘tishi bilan ushbu birikma zaiflashadi va namlik kirishi natijasida kamera ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Kompaniya muammoni bartaraf etish uchun dilerlarga orqa kamera modulini to‘liq almashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Ta’mirlash ishlari avtomobil egalari uchun bepul amalga oshiriladi. Mazkur chaqirib olish AQShda jami 271,7 mingta avtomobilni qamrab oladi. Shundan taxminan 6 foizida ushbu nuqson kuzatilishi mumkinligi aytilmoqda.

General Motors hozircha ushbu nosozlik sababli sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yangi Chevrolet Bolt bir qator yangi imkoniyatlar bilan chiqqani haqida yozgan edi.