Mavsum boshlandi: Olmazor tumanida elektromobil yondi

Toshkent shahrining Olmazor tumanida elektromobil bilan bog‘liq yong‘in hodisasi qayd etildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, yong‘in haqidagi xabar 8-aprel kuni soat 21:14 da kelib tushgan bo‘lib, unda Beruniy ko‘chasidagi 2-uy oldida avtomobil yonayotgani ma’lum qilingan.
Xabarga asosan, yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyiga tezkorlik bilan yo‘l olgan va 4 daqiqa ichida – soat 21:18 da manzilga yetib borgan. Tezkor harakatlar natijasida yong‘in kengayib ketishining oldi olingan va oradan 10 daqiqa o‘tib, ya’ni 21:28 da to‘liq o‘chirildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida insonlar orasida jabrlanganlar yo‘q. Shuningdek, yong‘inning qo‘shni hududlarga tarqalishiga ham yo‘l qo‘yilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryodagi gaz zapravkasida yong‘in chiqqani haqida yozgandi.