
O‘zbekistonda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi imtiyozlar joriy etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2027-yil 1-apreldan boshlab harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarga davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi. Ular test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan balining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ball olishadi.
2026-yil 1-maydan esa askarlarni kasbga o‘qitishda ishtirok etayotgan pedagoglarga o‘tilgan darslar uchun soatbay ish haqi to‘lash tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, xizmatni o‘tab bo‘lgan va xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlar hamda harbiy qismlarda kasb o‘rganayotgan askarlar uchun o‘qitish xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab oliy ta’limga kirishni rejalashtirayotgan yoshlar uchun xorijiy til va fan sertifikatlarini olish bilan bog‘liq xarajatlar «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan harbiy xizmat davomida oliy ta’lim muassasasiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan askarlarga o‘qishning birinchi yili uchun ta’lim krediti ajratiladi. Bu mablag‘lar Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi orqali taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati berilishi haqida yozgandi.