
Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati sharhiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi eng ko‘p uy-joy ta’miri va ta’lim uchun xarajat qilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, turli daromad guruhlarida xarajatlar bo‘yicha qarashlar farqlanadi. Eng past va eng yuqori daromadli qatlam ayrim hollarda xarajatlarni qisqartirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, o‘rta va nisbatan yuqori daromadli guruhlar aksincha xarajatlar oshishini kutmoqda.

Past daromadli qatlam ko‘proq uy-joyni yaxshilash va ta’limga sarmoya kiritishga e’tibor qaratmoqda. Yuqori daromadli guruhlarda esa xarajatlar ko‘proq diversifikatsiya qilinib, avtomobil va uy xaridi, sayohat hamda mebel xaridlari rejalashtirilmoqda.
Yosh guruhlar kesimida ham xarajatlar tarkibi farq qiladi. Yoshlar asosan ta’lim va uy-joy ta’miriga ustuvorlik beradi. O‘rta yoshdagilar farzandlar ta’limi, davolanish va oilaviy ehtiyojlarga ko‘proq mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Katta yoshdagilar esa sog‘liqni tiklash va marosimlar bilan bog‘liq xarajatlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekistonda aholi xarajatlari barqaror yuqori darajada qolmoqda. 2025-yil IV chorak yakunlariga ko‘ra, xarajatlar subindeksi 77,8 bandni tashkil etdi va o‘tgan chorakka nisbatan deyarli o‘zgarmadi. Shu bilan birga, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,4 bandga oshganini ko‘rsatmoqda.
Markaziy bank kuzatuvlariga ko‘ra, kelgusi davr uchun ham xarajatlar oshishi bo‘yicha kutilmalar yuqori darajada saqlanmoqda. Respondentlarning 76 foizi yaqin oylar ichida xarajatlari ortishini bildirgan. Bu esa iste’mol faolligi pasaymaganini ko‘rsatadi. Ushbu so‘rovnomada 4,1 mingdan ziyod respondent qatnashgan.
Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda asosiy daromad manbasi sifatida rasmiy ish haqi yetakchilik qilayotgani haqida yozgan edi.