O‘zbekistonda asosiy daromad manbasi sifatida rasmiy ish haqi yetakchilik qilmoqda — Markaziy bank

Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati sharhiga ko‘ra, O‘zbekistonda asosiy daromad manbasi sifatida rasmiy ish haqi yetakchilik qilmoqda. Respondentlarning 67 foizi aynan oylik maoshni asosiy manba sifatida ko‘rsatgan.
Boshqa daromad manbalari orasida tadbirkorlik, savdo va qo‘shimcha ishlar qayd etilgan. Soha kesimida esa maishiy xizmatlar, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish yo‘nalishlarida daromadlar oshishi bo‘yicha yuqori optimizm kuzatilmoqda. Bu xizmatlar sektori va turizm rivojlanishi bilan izohlanadi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining asosiy qismi kelgusida daromadlar oshishiga ishonmoqda. Respondentlarning 67 foizi daromadlar ko‘payishini kutmoqda. Yana 25 foizi daromadlar o‘zgarmasligini bildirgan. Daromadlar kamayishini kutayotganlar ulushi esa atigi 8 foizni tashkil etib, minimal darajaga tushgan.
Daromadlar oshishi bo‘yicha optimizm deyarli barcha daromad guruhlarida saqlanib qolmoqda. Ayniqsa, 7–10 mln so‘m daromadga ega qatlamda ijobiy kutilmalar biroz oshgan. Shu bilan birga, 20 mln so‘mdan yuqori daromad oluvchi guruhda kutilmalar biroz pasaygan.

O‘zbekistonda aholi daromadlari o‘sishi bo‘yicha ijobiy tendensiya saqlanib qolmoqda. 2025-yil IV chorak yakunlariga ko‘ra, daromadlar subindeksi 72,5 bandni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich oldingi chorakka nisbatan 0,6 bandga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,4 bandga oshgan. Ushbu so‘rovnomada 4,1 mingdan ziyod respondent qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri tadbirkorlarning 68 foizi iqtisodiyot yaxshilanishiga ishonayotgani haqida yozgan edi.