
2026-yil aprel holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda go‘sht narxlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 18 foizga qimmatlashgan. Bu haqda mamlakatning Milliy statistika byurosi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, narxlar o‘sishi turli go‘sht turlarida bir xil emas. Eng katta oshish qo‘y go‘shtida qayd etilgan bo‘lib, uning narxi 24,5 foizga ko‘tarilgan. Mol go‘shti esa qariyb 22 foizga qimmatlashgan. Shuningdek, ot go‘shti narxi 15 foizga oshgan. Nisbatan arzon hisoblangan mahsulotlar ham umumiy trenddan chetda qolmagan. Cho‘chqa go‘shti 13,5 foizga, parranda go‘shti esa qariyb 11 foizga qimmatlashgan.
Tahlillarga ko‘ra, go‘sht narxlarining oshishi aholining ovqatlanish odatlariga ham ta’sir qilmoqda. Xususan, mol go‘shtining qimmatlashuvi sabab iste’molchilar tobora arzonroq mahsulotlarga o‘tmoqda. Ko‘pchilik parranda go‘shtini tanlamoqda yoki umuman go‘sht iste’molini qisqartirmoqda.
Oldinroq xalqaro reytinglarda Qozog‘iston sigir go‘shti narxlari bo‘yicha o‘rtacha o‘rinda qayd etilgan edi. Shu bilan birga, mamlakatdagi narxlar ayrim Yevropa va Yaqin Sharq davlatlariga nisbatan yuqoriroq ekani aniqlangan.
2025-yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan jami $189,9 mlnlik 66,1 tonna yangi, muzlatilgan va sovitilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qilgan edi. Qozogʻistonning bir kilogramm goʻshtining oʻrtacha narxi oʻzbekistonlik importchilarga $2,87 ga tushdi, bu 2024-yilda bir kilogramm uchun $3,32 dollarni tashkil etgan. Ya’ni bir kilogramm go‘sht taxminan 36 ming so‘mdan import qilingan.
Qozogʻistonda goʻsht narxining oshishi qoʻshni davlatlarga, xususan, Oʻzbekistonga faol eksport qilinayotgani bilan bogʻliq. Bu haqda Qozogʻistonning qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Yerbol Tasjurekov ma’lum qildi.
Vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, Qozogʻistonda goʻsht tanqisligi yoʻq, ammo mol goʻshtining katta qismi eksportga chiqarilmoqda, shu bilan narxlar yuqori darajada qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri So‘nggi kunlarda Rossiya va Qirg‘izistonda (O‘zbekistonga go‘sht va chorva mollari import qiluvchi davlatlardan) chorva mollari orasida kasallik holatlari qayd etilayotgani haqida yozgan edi.