Soliq nazorati jarayonlari majburiy videoga olinishi belgilandi

O‘zbekistonda soliq nazorati tadbirlarini videotasvirga olish tartibi rasman tasdiqlandi. Ushbu qaror Vazirlar Mahkamasi qarori bilan joriy etildi.
Yangi tartibga ko‘ra, soliq organlari tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlari endilikda majburiy tarzda videoga olinadi. Bunday tasvirga olish faqat soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan berilgan buyruq asosida amalga oshiriladi.
Qabul qilingan nizomda videoga olinadigan jarayonlar aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, soliq solish obyektlarini hisobga olish, xronometraj kuzatuvlari, korxonadagi haqiqiy xodimlar sonini soliq hisobotlari bilan solishtirish, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallaridan foydalanish holatlari, shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishi kabi jarayonlar tasvirga olinadi.
Shu bilan birga, nazorat tadbirlari tadbirkorlik faoliyatiga xalaqit bermaydigan tarzda tashkil etilishi shart. Ya’ni videotasvir jarayoni korxona ishini to‘xtatib qo‘ymasligi yoki unga zarar yetkazmasligi kerak.
Nazorat yakunlari bo‘yicha tuziladigan dalolatnomada videotasvirga olish qurilmasi haqidagi ma’lumotlar — uning turi va seriya raqami, shuningdek, tasvirga olingan holatlar batafsil qayd etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan 32,3 mlrd so‘m QQS tadbirkorlarga qaytarilgani haqida yozgandi.