
Toshkentda taniqli tadbirkor va bloger Sanjabek Karimov ustidan sud jarayoni boshlanishi kutilmoqda. Sud majlisi 10-aprel kuni 15:00 da JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudya Bahrom Berdiyev raisligida bo‘lib o‘tadi.
Blogerga yirik firibgarlik (JKning 168-moddasi 4-qismi «a» bandi), giyohvand moddalarni sotish maqsadida noqonuniy muomala (JKning 273-moddasi 2-qismi) va o‘ldirish yoki zo‘ravonlik ishlatish bilan qo‘rqitish (JKning 112-moddasi 1-qismi) kabi uchta jinoyat moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Ish nimadan boshlangan
Dastlabki ish Jamila Olimboyeva va uning oilasi $240 minglik uyini bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Shahzod Rismatov nomiga o‘tkazib berganidan boshlandi. Shahzod Jamilaning oilasi ishonchiga kirib, moliyaviy qiyinchilikka duch kelganini, uyni garovga qo‘yish evaziga Sanjar Karimovdan pul olishini aytgan.
Oilaning ishtirokida notariusda imzo qo‘yilgan hujjat aslida uy oldi-sotdi shartnomasi bo‘lib, uy Karimov nomiga o‘tkazilgan. Shahzod esa mamlakatdan qochib ketgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar aralashib, uy sotilishi vaqtincha taqiq qo‘yilgan va Shahzod Interpol orqali Dubaydan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Bu orada Sanjar Karimov ijtimoiy tarmoqlarda uyni qonuniy rasmiylashtirganini va firibgarlikda aloqasi yo‘qligini videomurojaat orqali gapirib chiqdi. Uning turmush o‘rtog‘i Dinora ham erini himoya qilib, uy garovi notarial tartibda amalga oshirilganini, Karimov ham firibgardan zarar ko‘rganini bildirgan. So‘ng, Karimov uyni bolalar uyi uchun tekin berish niyatidaligini aytgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent shahar boshqarmasi esa bunday uylar allaqachon davlat ta’minotida ekanini va topshirishga oid notarial hujjatlar taqdim etilmaganini bayon qilgan.
Vaziyat chuqurlashgach, Jamila va uning oila a’zolari Sanjar Karimovga aloqacha chiqishga, vaziyatga oydinlik kiritishga uringan. Karimov esa ularga tahdid qilib, uyni qaytarmasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada qarz va onlayn qimor sabab kelib chiqqan mojaroda qotillikka qo‘l urgan erkakka 18 yilga qamoq jazosi tayinlangan edi.