
Xpeng kompaniyasining Mona liniyasidagi Xpeng Mona L03 Xitoyda rasman ko‘rsatildi. Model mamlakat Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi bazasida e’lon qilindi.
Yangi elektromobil besh o‘rinli bo‘lib, Mona M03 sedanining dizayn uslubini saqlab qolgan. Shu bilan birga, u fastbek tipidagi SUV kuzovi, kattaroq o‘lchamlari va kuchliroq motor bilan farqlanadi. Avtomobil uzunligi 4,65 metr atrofida bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2,85 metrni tashkil etadi.
Model bitta elektr motor bilan jihozlangan. Uning maksimal quvvati 183 kVtga yetadi, bu esa sedan versiyasiga qaraganda yuqoriroq ko‘rsatkich hisoblanadi. Elektromobil 180 km/soatgacha tezlikka chiqa oladi. Batareya sifatida LFP turidagi akkumulyator qo‘llangan.

Tashqi ko‘rinishda T shaklidagi faralar, panoramik tom va yarim yashirin eshik tutqichlari e’tiborni tortadi. Orqa qismida esa to‘liq uzunlikdagi chiroqlar paneli o‘rnatilgan. Avtomobil 18 yoki 20 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif etiladi.
Mona L03 ko‘plab kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, bu haydovchiga yordam beruvchi tizimlar uchun xizmat qiladi. Model shahar sharoitida yarim avtonom boshqaruv funksiyalarini qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Yangi krossover Mona M03’dan keyingi ikkinchi model bo‘ladi. Narxi hali rasman e’lon qilinmagan, biroq mahalliy bozorda u taxminan 150 ming yuan ($21,6 ming) atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Model joriy yil oxirigacha savdoga chiqishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng kompaniyasi arzon elektromobil tayyorlayotgani haqida yozgan edi.