
YouTube smart televizorlar uchun yangi reklama formatini sinovdan o‘tkazmoqda. Endilikda foydalanuvchilar ayrim hollarda reklamani kamida 90 soniya davomida o‘tkaza olmaydi. Bu haqda Reddit platformasida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, avval joriy etilgan 30 soniyalik o‘tkazib bo‘lmaydigan reklamalardan so‘ng endi yanada uzunroq reklama bloklari paydo bo‘lgan.
Yangi tizimga ko‘ra, reklama umumiy davomiyligi bundan ham uzun bo‘lishi mumkin, biroq Skip (o‘tkazib yuborish) tugmasi faqat 90 soniyadan keyin faollashadi. Bu esa video uzunligidan qat’iy nazar amal qiladi. Hozircha mazkur yangilik faqat YouTube’ning televizorlar uchun mo‘ljallangan versiyasida qo‘llanilmoqda.
Bu o‘zgarish platformaga an’anaviy kabel televideniyesi reklama beruvchilarini jalb qilishga qaratilgan.
Shuningdek, bu yangilik YouTube Premium Lite obunasining AQShda qayta ishga tushirilganidan ko‘p o‘tmay joriy etildi. Mazkur obuna oyiga taxminan $8 turadi va videolardagi reklamalarni o‘chirib beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Instagram o‘zining TV ilovasini ishga tushirgani haqida yozgandi.