
Amazon sun’iy intellekt (SI) chiplarini ishlab chiqishda yangi bosqichga o‘tmoqda va bu orqali Nvidia’ning bozordagi ulushini qisqartirishni maqsad qilgan. Bu haqda Oneinvest.com ma’lum qildi.
Kompaniya rahbari Endi Jassi o‘zining aksiyadorlarga yo‘llagan maktubida aynan shu yo‘nalish kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, Amazon ishlab chiqqan Trainium chiplariga talab keskin oshmoqda. Bu esa kompaniyalar endi faqat bitta yetkazib beruvchiga bog‘lanib qolishni istamasligini ko‘rsatadi. Jassi ta’kidlashicha, ilgari sun’iy intellekt tizimlarining deyarli barchasi Nvidia chiplarida ishlagan, ammo hozir bozorda yangi o‘zgarishlar boshlanmoqda.
Amazon allaqachon OpenAI, Anthropic va Apple bilan hamkorlik qilib, ularga o‘z chiplarida bulutli hisoblash xizmatlarini taqdim etmoqda. Kelgusida esa kompaniya bu chiplarni tashqi mijozlarga ham sotishni rejalashtirmoqda. Agar bu reja amalga oshsa, ushbu yo‘nalishdan yillik daromad $50 mlrdga yetishi mumkin.
Amazon hozircha chiplarni faqat AWS orqali xizmat sifatida taqdim etmoqda. Ammo ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish boshlangan taqdirda, kompaniya uchun bu yangi yirik biznes yo‘nalishiga aylanishi mumkin. Ayni paytda kompaniyaning o‘z chiplari orqali hisoblash xizmatlaridan tushayotgan daromadi yiliga $20 mlrddan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Amazon yetkazib berish xizmatlariga 3,5 foiz qo‘shimcha to‘lov joriy qilishi haqida yozgan edi.