Yangiliklar

Andijonda 1 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-taroj qilindi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Andijonda 1 milliard so‘mlik tabiiy gaz talon-taroj qilindi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Andijon viloyatida 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida jiddiy qonunbuzarlik holati fosh etildi. Aniqlanishicha, yakka tartibdagi tadbirkor aholiga xizmat ko‘rsatish binosini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulagan.

Natijada u jami 1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan. Ushbu harakat orqali davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi, ya’ni o‘g‘rilik alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda qalbaki dori vositalari tayyorlovchi yashirin laboratoriyalar aniqlangan edi.