
Apple 2026-yilning birinchi choragida Mac kompyuterlari yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirdi. IDC ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya ushbu davrda 6,2 million dona Mac yetkazib bergan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (5,7 million dona) 9 foizga ko‘pdir.
Kompaniyaning o‘sish sur’ati global kompyuter bozori o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. Xususan, umumiy bozor atigi 2,5 foizga o‘sgan. Natijada kompaniyaning bozor ulushi 8,9 foizdan 9,5 foizga yetib, u dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchilar orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, sotuvlarning asosiy qismi MacBook Pro (M5) modeliga to‘g‘ri kelgan. Aynan ushbu qurilma chorak davomida eng talabgir mahsulot bo‘ldi.
Kompyuter yetkazib berish bo‘yicha yetakchi uchlik quyidagicha shakllandi:
- Lenovo — 16,5 mln dona;
- HP — 12,1 mln dona;
- Dell — 10,3 mln dona.
Qayd etilishicha, yirik ishlab chiqaruvchilar orasida faqat HP kompaniyasida pasayish kuzatilgan.
Tahlilda chorak oxirida sotuvga chiqarilgan yangi qurilmalar — yangilangan MacBook Air, MacBook Neo hamda kuchliroq MacBook Pro versiyalari hisobga olinmagan. Shu sababli, Apple’ning keyingi chorakdagi natijalari yanada yuqori bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple birinchi buklanadigan iPhone modelini taqdim etishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.