
Isroil va Livan hukumati muzokaralar boshlashini ma’lum qilganidan so‘ng brent neftining narxi $96 dan pastladi. Shu bilan birga, AQSh fond bozorlarida aksiyalar o‘sishga o‘tdi.
AQShning asosiy indekslari 0,4 foizdan 0,8 foizgacha o‘sdi. Avval savdolar pasayish bilan boshlangan bo‘lsa-da, keyinroq o‘sishga o‘tildi. S&P 500 ketma-ket yettinchi savdo kunida o‘smoqda.
Bozorlarga asosiy ijobiy ta’sir Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘liq bo‘ldi. Isroil hukumati Livan bilan muzokaralarni boshlashga tayyor ekanini bildirdi. Bu qaror mintaqadagi keskinlik kamayishi mumkinligi haqidagi umidlarni kuchaytirdi.

Avvalroq AQSh va Eron o‘rtasida 14 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Biroq tomonlar kelishuv talqinida kelisha olmadi. Eron Isroilning Livandagi harbiy harakatlarini tanqid qildi va AQShni ayrim bandlarni buzishda ayblagan.
Hormuz bo‘g‘ozining qachon to‘liq ochilishi global energetika bozori uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hatto yo‘l ochilgandan keyin ham neft yetkazib berish tiklanishi bir necha hafta yoki oy davom etishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalardan kriptovalyutada to‘lov talab qilmoqchiligi haqida yozgan edi.