
OpenAI kompaniyasi ChatGPT xizmatlari uchun oyiga $100 lik yangi tarif rejasini joriy qildi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Bungacha OpenAI xizmatlari bepul (reklamalar bilan), oyiga $8 lik Go reja (reklamalar bilan), oyiga $20 lik Plus reja (reklamasiz) hamda oyiga $200 lik Pro reja (reklamasiz) ko‘rinishida taqdim etib kelinayotgan edi. Biroq kompaniyaning rasmiy narxlar sahifasida $200 lik reja hozircha ko‘rinmayapti. OpenAI esa ushbu tarif mavjudligini tasdiqlagan.
Yangi $100 lik Pro tarif ChatGPT’ning kod yozish vositasi — Codex’dan kundalik foydalanishni kengaytirishga qaratilgan. Kompaniyaning qayd etishicha, ushbu reja Plus tarifga nisbatan Codex’dan 5 baravar ko‘proq foydalanish imkonini beradi.
Kompaniya $200 lik Pro reja haqida ham ma’lumot berib, uning Plus tarifga nisbatan 20 baravar yuqori limitlarga ega ekanini bildirgan. Ushbu reja eng og‘ir ish yuklamalarini ham uzluksiz bajarish uchun yetarli deb ta’riflanadi. Har ikkala Pro tarif bir xil asosiy funksiyalarga ega bo‘lib, asosiy farq foydalanish limitlarida namoyon bo‘ladi.
OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, hozirda dunyo bo‘ylab haftasiga 3 mlndan ortiq foydalanuvchi Codex’dan foydalanmoqda. So‘nggi uch oy ichida ushbu ko‘rsatkich 5 baravar oshgan bo‘lib, oyma-oy 70 foizdan ortiq o‘sish qayd etilmoqda.
O‘zbekistonda narxlar qanaqa

O‘zbekistonda ChatGPT uchun tarif rejalari foydalanuvchilarga ehtiyojiga qarab bepul va pullik variantlarda taqdim etiladi. Bepul rejada asosiy funksiyalardan cheklangan tarzda foydalanish mumkin. Pullik tariflar orasida Go, Plus va Pro rejalari mavjud.
Go rejasi oyiga $5 bo‘lib, ko‘proq xabarlar, yuklamalar va kengaytirilgan funksiyalarni taqdim etadi. Plus rejasi esa aksiyalar doirasida ba’zi foydalanuvchilar uchun birinchi oy $0, keyingi oylar esa odatdagi $20 atrofida bo‘ladi va unda tezroq ishlash hamda qo‘shimcha vositalardan foydalanish mumkin.
Eng yuqori darajadagi Pro rejasi uchun esa oyiga $112 to‘lanadi va maksimal foydalanish limiti, kuchliroq model imkoniyatlari hamda eng keng funksiyalarni taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Netflix obuna narxlarini yana oshirgani haqida xabar qilgan edik.