
Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati sharhiga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ko‘p kreditni 7–10 mln so‘m daromadlilar olmoqda. Daromadi 20 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan respondentlar orasida esa kreditga ehtiyoj biroz kamaygan.
So‘rovda qatnashganlar kredit mablag‘larini asosan uy-joy ta’miri, ta’lim xarajatlari va avtomobil xaridiga yo‘naltirishni rejalashtirayotganini bildirgan. Bu esa kreditlarning kundalik ehtiyoj va yirik xaridlar bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi.

2025-yil IV chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kreditga bo‘lgan talab oshgani qayd etildi. Markaziy bank kuzatuvlariga ko‘ra, kredit subindeksi III chorakka nisbatan 1,1 bandga ko‘tarilib, 64,2 bandni tashkil etdi.
Regulyator ushbu o‘sishni aholining moliyaviy faolligi ortayotgani bilan izohlamoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi 12 oy ichida kredit olishni rejalashtirayotganlar ulushi 54 foizga yetgan. Bu esa aholining kreditga bo‘lgan ehtiyoji saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Ushbu so‘rovnomada 4,1 mingdan ziyod respondent qatnashgan.
Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda asosiy daromad manbasi sifatida rasmiy ish haqi yetakchilik qilayotgani haqida yozgan edi.