Avto

Geely Galaxy M7 avtomobili sotuvga chiqdi

Galaxy M7 dizayni kompaniyaning yangi uslubiga asoslangan
Geely Galaxy M7 avtomobili sotuvga chiqdi
Foto: Geely

Xitoyning Geely kompaniyasi yangi Geely Galaxy M7 avtomobili uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. Model boshlang‘ich narxi $20,3 mingdan boshlanadi va global bozor uchun mo‘ljallangan.

Galaxy M7 dizayni kompaniyaning yangi uslubiga asoslangan. Old qismida 2 metrdan uzun yagona LED chiziq joylashgan bo‘lib, u 362 ta yorug‘lik elementidan iborat. Avtomobil uzunligi 4 770 mm, kengligi 1 905 mm va balandligi 1 685 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 2 785 mmni tashkil etadi.

Foto: Geely

Salon zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Markazda 15,4 dyuymli ekran o‘rnatilgan bo‘lib, u Flyme Auto 2 tizimida ishlaydi. Avtomobil sun’iy intellekt asosidagi ovozli boshqaruvga ega. Ichki qismi eko-materiallar va yog‘och bezaklar bilan ishlangan. 23 ta karnayli audio tizim, 256 rangli ambient yoritish va katta panoramik tom mavjud.

Foto: Geely

Xavfsizlik tizimlari ham kengaytirilgan. Model G-ASD H3 aqlli haydash tizimi bilan jihozlangan. U avtomatik yo‘l o‘zgartirish va avtopilot funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Favqulodda tormoz tizimi 120 km/soatgacha ishlaydi, favqulodda burilish tizimi esa 130 km/soat tezlikda ham faol bo‘la oladi.

Texnik jihatdan Galaxy M7 gibrid tizim bilan ishlaydi. 1.5 litrli dvigatel va elektr motor kombinatsiyasi qo‘llangan. Elektr rejimida 225 kmgacha yurishi mumkin. Umumiy yurish zaxirasi esa 1730 kmga yetadi. Yoqilg‘i sarfi atigi 3,35 litrni tashkil etadi.

Foto: Geely

Batareya tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. 30 foizdan 80 foizgacha zaryadlash uchun atigi 15 daqiqa kifoya qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy M9 avtomobilining yangi versiyasi qachon taqdim qilinishi haqida yozgan edi.