Hyundai yangi VENUS va EARTH konseptlarini namoyish qildi

Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi Ioniq elektromobillar sub-brendi doirasida yangi VENUS va EARTH konseptlarini taqdim etdi. Bu haqda CarBuzz xabar bermoqda.

Yangi konseptlar Xitoy bozoriga moslab ishlab chiqilgan bo‘lib, VENUS sedan, EARTH esa yo‘ltanlamas kuzovida taqdim etiladi. Hyundai kelgusida Ioniq liniyasini sayyoralar nomi bilan ataluvchi elektromobillar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Avtomobillar interyeri minimalistik uslubda bo‘lib, ko‘plab funksiyalar markaziy katta ekran orqali boshqariladi va Lumi deb nomlangan ovozli yordamchi bilan jihozlanadi. Hozircha texnik xususiyatlar ma’lum qilinmagan, to‘liq ma’lumotlar Pekindagi ko‘rgazmada ochiqlanishi kutilmoqda.


AQShda elektromobillar uchun soliq imtiyozlari bekor qilingani sababli talab pasaygan bir vaqtda, Xitoy bozori xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun asosiy maqsad bo‘lib qolmoqda. Ushbu modellar Hyundai Motor Group kompaniyasining yangi avlod elektromobillar platformasida ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet modellari Hyundai platformasida ishlab chiqarilishi haqida xabar bergan edi.