
Janubiy Koreyada fuqarolarga bepul mobil internetdan foydalanish imkoniyatini beruvchi dastur amaliyotga tatbiq etildi. Loyiha doirasida abonentlar o‘z ma’lumotlar limiti tugagandan so‘ng ham tarmoqdan uzilmaydi.
Dasturni amalga oshirishga mamlakatdagi eng yirik aloqa operatorlari — SK Telecom, KT va LG Uplus rozi bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosari Be Kyun-xunning ta’kidlashicha, ushbu qaror fuqarolarning onlayn xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, aloqa kompaniyalarining so‘nggi xavfsizlik mojarolaridan so‘ng yo‘qotilgan ishonchini qaytarishiga qaratilgan.

Avvalroq SK Telecom va LG Uplus tarmog‘ida yirik ma’lumotlar sizib chiqishi, shuningdek, KT tizimida mijozlarga zararli dasturlar tarqalishi kabi xavfsizlik nuqsonlari kuzatilgan edi.
«Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik haqidagi quruq va’dalardan qutulib, jamoatchilik his qila oladigan to‘liq o‘zgarishlarni amalga oshirishimiz kerak», — dedi Be Kyun-xun.
Qo‘shimcha ravishda, operatorlar narxi 20 ming von ($13,5) yoki undan arzonroq bo‘lgan 5G tariflarini kiritish va keksa yoshdagi fuqarolar uchun aloqa limitlarini kengaytirishga qaror qildi. Hukumat metro hamda shaharlararo poyezdlarda Wi-Fi xizmatlarini yangilash bo‘yicha ham kompaniyalardan kafolat olgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘oniston va O‘zbekiston internet erkinligi bo‘yicha bir xil ball to‘plagani haqida xabar bergan edi.