Javohir Sindarov Pragnanandhaga qarshi bahsda g‘alaba qildi

10-aprel 2026 07:51 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Javohir Sindarov Pragnanandhaga qarshi bahsda g‘alaba qildi
Foto: Niki Riga / FIDE

Kiprda o‘tayotgan 2026-yilgi Nomzodlar turnirida o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov hindistonlik Rameshbabu Pragnanandhaga qarshi bahs olib bordi va ishonchli g‘alabaga erishdi.

Uchrashuv davomida raqibning xatosidan unumli foydalangan Sindarov ustunlikni qo‘lga oldi. Aniq va puxta yurishlar natijasida o‘yin to‘liq nazorat ostiga olindi. 53-yurishdan so‘ng Pragnanandha mag‘lubiyatni tan oldi. Shuningdek, ikki shaxmatchi o‘rtasidagi ilk uchrashuvda ham ustunlik o‘zbekistonlik grossmeyster tomonida bo‘lgan edi.

Mazkur g‘alaba Javohir Sindarovga turnir jadvalida yetakchilikni mustahkamlash imkonini berdi. U 8 ochko bilan peshqadam bo‘lib turibdi va eng yaqin ta’qibchisi, niderlandiyalik Anish Giridan 2 ochkoga ilgarilab ketgan.

Foto: Niki Riga / FIDE

E’tiborlisi, Sindarov ushbu musobaqada mag‘lubiyatsiz ishtirok etmoqda. U Andrey Yesipenko, Rameshbabu Pragnanandha, Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura va Vey I kabi kuchli raqiblar ustidan g‘alaba qozongan. Bundan tashqari, Matias Blubaum, Anish Giri va Andrey Yesipenko bilan o‘yinlar durang bilan yakunlangan.

15-aprelga qadar davom etadigan turnir g‘olibi amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi shaxmat toji uchun bahs yuritish huquqini qo‘lga kiritadi. Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi $700 mingni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sindarov Matias Blubaumga qarshi ikkinchi bahsda ham durang qayd etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek