
Xitoyning Li Auto kompaniyasi Li Auto i6 modelining 100 minginchi nusxasi ishlab chiqarilganini e’lon qildi. E’tiborlisi, bu natijaga model bozorga chiqqanidan keyin atigi yetti oy ichida erishilgan.
Li Auto i6 brendning eng hamyonbop modeli hisoblanadi. Xitoy bozorida uning narxi $35 mingdan boshlanadi. Shunga qaramay, avtomobil bir zaryadda 720 kmgacha masofa bosib o‘ta oladi (CLTC standarti bo‘yicha).
Model 800 voltli zamonaviy platforma asosida yaratilgan bo‘lib, 5C turdagi litiy-temir-fosfat batareya bilan jihozlangan. Energiya sarfi esa 100 km uchun o‘rtacha 13,6 kVt/soatni tashkil etadi.
Elektromobilning muhim afzalliklaridan biri – tezkor zaryadlash texnologiyasi. Atigi 10 daqiqada 500 kmgacha yurish uchun yetarli quvvat to‘plash mumkin.
Model ikki xil variantda taklif etiladi:
- orqa yetakli versiya — 250 kVt (335 ot kuchi);
- to‘liq yetakli versiya — umumiy quvvati 400 kVt (536 ot kuchi).

Li Auto i6 tashqi ko‘rinishda ham zamonaviy yechimlarga ega:
- old qismida halqa shaklidagi LED chiroqlar;
- tom qismida LiDAR sensori;
- yashirin eshik tutqichlari;
- aerodinamik disklar.
Avtomobil o‘lchamlari 4950×1935×1655 mm bo‘lib, 3000 mm g‘ildirak bazasi keng va qulay salonni ta’minlaydi. Model 5 kishilik sig‘imga ega.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla kompaniyasi arzon elektromobil ustida ishlayotgani haqida yozgandi.