Milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi bir yil ichida 37,1 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Jamg‘arma yetarliligi bo‘yicha qarashlarda esa turlicha dinamika kuzatilmoqda
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi bir yil ichida 37,1 foizga oshdi
Foto: Depositphotos

Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati sharhiga ko‘ra, milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi bir yil ichida 37,1 foizga oshdi.

2025-yil IV chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini saqlab qolmoqda. Markaziy bank kuzatuvlariga ko‘ra, jamg‘arish subindeksi 68,8 bandni tashkil etdi. Chorak davomida ko‘rsatkich 0,1 bandga biroz pasaygan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 0,7 bandga o‘sish qayd etildi.

So‘rov natijalari aholining moliyaviy kelajakka nisbatan ishonchi saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Respondentlarning 62,6 foizi kelgusida jamg‘armalari oshishini kutmoqda. Shu bilan birga, jamg‘armalari o‘zgarishsiz qolishini bildirganlar ulushi 24,2 foizga yetdi. Jamg‘armalari kamayishini kutayotganlar esa 13,2 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich biroz pasaygan.

Foto: Markaziy bank

Jamg‘arma yetarliligi bo‘yicha qarashlarda esa turlicha dinamika kuzatilmoqda. Bir oygacha yetadigan jamg‘armaga ega bo‘lganlar ulushi 34,1 foizgacha oshgan. Biroq jamg‘armasi umuman yo‘q respondentlar ulushi ham 40,4 foizni tashkil etib, yuqori darajada qolmoqda.

Moliyaviy holat bo‘yicha baholashlarda ham ijobiy tendensiya kuzatilmoqda. So‘rov qatnashchilarining 55,6 foizi moliyaviy ahvoli yaxshilanganini bildirgan. 33 foizdan ortig‘i holat o‘zgarmaganini qayd etgan. Moliyaviy ahvoli yomonlashganlar ulushi 11,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, yil davomida bu ko‘rsatkich umumiy kamayish trendini ko‘rsatmoqda. Ushbu so‘rovnomada 4,1 mingdan ziyod respondentlar qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng ko‘p kreditni 7 – 10 mln so‘m daromadlilar olayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek