
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) faoliyatida aniqlangan ekologik kamchiliklar ortidan korxonaga yirik miqdorda tovon puli belgilandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Tekshiruvlar davomida ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan xavfli chiqindilar ochiq hududlarda saqlanayotgani aniqlangan. Bu holat tuproq hamda yerosti suvlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, Angren shahridagi ishlab chiqarish obyektlarida oqova suvlarni tozalash tizimi yetarli darajada ishlamayotgani ma’lum bo‘lgan. Natijada tozalashdan o‘tmagan suvlar Angren daryosiga oqizilayotgani qayd etilgan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan korxonaga 48 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lash majburiyati yuklatildi. Shu bilan birga, ekologik talablarga rioya etilishini ta’minlash uchun 20 ta majburiy ko‘rsatma berilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Olmaliqda qiymati 2,7 mlrd dollarlik 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.