Yangiliklar

Oylik maosh 1500 dollar atrofida: Janubiy Koreyada ishlash uchun yangi tanlov boshlandi

Hujjatlar 9-apreldan 17-aprelga qadar qabul qilinadi
Janubiy Koreyada ishlash uchun yangi tanlov boshlandi / Foto: depositphotos

Janubiy Koreyada kemasozlik bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan maxsus o‘quv kurslari uchun yilning ikkinchi tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Loyiha Migratsiya agentligi hamda HD Hyundai Heavy Industries hamkorligida amalga oshiriladi. 2025-yilda loyihaga jami 408 nafar ishtirokchi qabul qilingan bo‘lib, ularning 367 nafari hozirda Hyundai zavodlarida ish boshlagan.

O‘quv jarayoni Farg‘ona shahridagi KOICA markazida tashkil etiladi. Ishtirokchilarning o‘qish va yotoq joy xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplab beriladi. Dastur yakunida Koreyada ishga joylashish imkoniyati yaratiladi. Minimal oylik esa taxminan 2,156 von ($1428) etib belgilangan.

E-9 vizasi bo‘yicha tanlovda SPAS elektron bazasida ro‘yxatda turgan ish izlovchilar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar EPS-TOPIK imtihonining kemasozlik va ishlab chiqarish yo‘nalishlaridan kamida 80 ball olgan bo‘lishi kerak. Agar ball 80 dan past bo‘lsa, TOPIK yoki Qirol Sejong sertifikatiga ega bo‘lish talab etiladi. Shuningdek, 20 – 35 yosh oralig‘idagi nomzodlarning bazadagi amal qilish muddati 2026-yil 28-avgustdan keyin kamida 6 oy davom etishi lozim.

Bundan tashqari, elektrik yo‘nalishida bakalavr diplomiga ega fuqarolar uchun E-7 vizasi asosida alohida tanlov o‘tkaziladi. Ushbu yo‘nalishda 22 – 35 yoshdagi, sudlanmagan, Koreya elchixonasidan viza rad javobi olmagan va koreys tilini biladigan nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Hujjatlar qatoriga anketa, tilxat, pasport nusxasi, fotosuratlar, til sertifikati hamda E-7 uchun diplom nusxasi kiritiladi.

Hujjatlar 9-apreldan 17-aprelga qadar Migratsiya agentligining hududiy filiallarida qabul qilinadi. Test va suhbat bosqichi 27-apreldan 1-maygacha davom etadi. O‘qishga qabul qilinganlar 6-may kuni e’lon qilinadi. O‘quv jarayoni 8-iyundan 28-avgustgacha davom etadi. Yakuniy baholash 28-avgustda o‘tkazilib, natijalar 4-sentabr kuni e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Slovakiyada oylik maosh 1,2 ming yevrodan boshlanadigan ishga qabul boshlangan edi.