
Mo‘g‘ulistonda o‘tkazilgan 2026-yilgi boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi umumiy reytingda jamoa uchinchi o‘rinda qayd etildi.
Erkaklar terma jamoasi musobaqa yakuniga ko‘ra 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Oltin medallarni o‘z vazn toifalarida Abdulloh Madaminov (-65 kg), Fazliddin Erkinboyev (-80 kg) hamda Halimjon Mamasoliyev (-90 kg) qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ayollar terma jamoasi hisobga 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘shib qo‘ygan.

Kumush medallar Javohir Abdurahimov (-75 kg) va Jasurbek Yo‘ldoshevga (-85 kg) nasib etdi. Yagona bronza medalini -60 kg vazn toifasida Abdurahmon Mahmudjonov keltirdi. Rasmiy medallar reytingiga ko‘ra, Qozog‘iston terma jamoasi 13 ta medal bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni esa jami 16 ta medal jamg‘argan Hindiston vakillari band etdi.
O‘zbekiston vakillari uchinchi o‘rinni band etgan bo‘lsa, kuchli beshlikni mos ravishda Xitoy (8 ta medal) va Yaponiya (4 ta medal) yakunlab berdi. Musobaqada jami 78 ta medal o‘z egalariga topshirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Osiyo chempionatida 5 nafar o‘zbekistonlik bokschi finalda jang o‘tkazishi haqida xabar bergan edi.