Sport

O‘zbekiston bokschilari Osiyo chempionatida ikki kumush oldi

Shu bilan birga, jamoa uchun musobaqa hali yakunlanmagan
Foto: O’zbekiston boks federatsiyasining Instagram sahifasi

Ulan-Batorda o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston ayollar terma jamoasi yana medallarni qo‘lga kiritdi. Aziza Zokirova va Ruxshona Parpiyeva finalda mag‘lub bo‘lib, kumush medal sohibiga aylandi.

Avval ringga -75 kg vazn toifasida Aziza Zokirova chiqdi. U xitoylik Bao Tszi bilan jang qildi. Bahsning dastlabki raundlarida o‘zbekistonlik bokschi faol harakat qilib, jang nazoratini qo‘lga oldi. Biroq keyingi raundlarda raqib tempni oshirdi va tashabbusni o‘z tomoniga o‘tkazdi. Hal qiluvchi pallada ustunlikni saqlab qolgan Bao Tszi 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada Zokirova kumush medal bilan kifoyalandi.

Foto: O’zbekiston boks federatsiyasining Instagram sahifasi

Shundan so‘ng -80 kg vazn toifasida Ruxshona Parpiyeva final jangini o‘tkazdi. Uning raqibi Qozog‘iston vakili Nadejda Ryabets bo‘ldi. Parpiyeva jang davomida faol bo‘lishga harakat qildi, ammo raqibi aniq va barqaror harakat qildi. Yakunda hakamlar bir ovozdan 5:0 hisobida Ryabets g‘alabasini qayd etdi. Parpiyeva ham musobaqani kumush medal bilan yakunladi.

Shu bilan birga, jamoa uchun musobaqa hali yakunlanmagan. Oldinda bir qator bahslar kutib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘zbekistonlik besh nafar bokschi WBC reytingining kuchli o‘nligidan joy olgani haqida yozgan edi.