
O‘zbekiston jahon moliya bozorlarida o‘zining suveren xalqaro obligatsiyalarini 12,25 foiz stavkada joylashtirdi. Bu haqda Markaziy bank rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Shu yil 31-mart kuni ichki bozorda o‘tkazilgan auksionda 3 yillik davlat obligatsiyalari 12,39 foiz stavkada joylashtirilgan edi. Shunga qaramay, tashqi bozorda undan ham past foizda mablag‘ jalb qilinayotgani xalqaro investorlarning inflyatsiya va iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha ijobiy kutilmalarini aks ettiradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston chiqarayotgan obligatsiyalar bo‘yicha foiz stavkalari izchil kamaymoqda:
- 2024-yilda — 16,625%;
- 2025-yilda — 15,5%;
- 2026-yilda — 12,25%.
Bu esa mamlakatning suveren risk darajasi pasayayotganini va tashqi qarz jalb qilish narxi arzonlashayotganini bildiradi.
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi «BB» darajasiga oshirilgani ham investorlar faolligini kuchaytirdi. Natijada, dollardagi obligatsiyalar bo‘yicha ikkilamchi bozorda foiz stavkalari ham pasaygan.
Milliy valyutadagi obligatsiyalarning afzalligi
Milliy valyutada chiqarilayotgan xalqaro obligatsiyalar bir nechta muhim ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda:
- ichki bozorda foiz stavkalarining pasayishiga xizmat qilmoqda;
- valyuta xatarlarining bir qismi investor zimmasiga o‘tmoqda;
- davlat qarzi tarkibida valyuta risklari kamaymoqda.
Masalan, 2024-yilda ichki bozordagi 3 yillik obligatsiyalar stavkasi 17,95 foiz bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik 14,6 foizgacha tushgan.
Mazkur obligatsiyalarni GBI-EM Index tarkibiga kiritish rejalari ham mavjud. Bu esa yangi yirik investorlarni jalb qilib, nafaqat davlat, balki xususiy sektor uchun ham tashqi moliya resurslarini arzonlashtirishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston milliy valyutadagi 1 mlrd dollarlik xalqaro obligatsiyalarni past stavkada joylashtirgani haqida yozgandi.