Yangiliklar

O‘zbekistonda 60 mingdan ortiq yonilg‘i kartalari faollashtirilgan — Markaziy bank

Mamlakatda 46 mingdan ortiq bankomat, ADM va infokiosklar, 7 mingdan ortiq naqd pul qabul qiluvchi qurilmalar faoliyat yuritmoqda
O‘zbekistonda 60 mingdan ortiq yonilg‘i kartalari faollashtirilgan — Markaziy bank
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 10-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 60 mingdan ortiq yonilg‘i kartalari faollashtirilgan.

Regulyatorga ko‘ra, mamlakatda 46 mingdan ortiq bankomat, ADM va infokiosklar, 7 mingdan ortiq naqd pul qabul qiluvchi qurilmalar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 70 mlndan ortiq bank kartalari mavjud. Ularning qariyb 170 mingtasi moment kartalarni tashkil etadi. Bundan tashqari, 60 mingdan ortiq yonilg‘i kartalari faollashtirilgan.

Markaziy bank «zapravka»lardagi tushumlar hajmini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, 3–8-aprel kunlari davomida umumiy tushum 720 mlrd so‘mdan oshgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 3-aprel kuni tushum 92 mlrd so‘mni tashkil etdi. 4, 5 va 6-aprel kunlari esa bu ko‘rsatkich keskin oshib, jami 395,5 mlrd so‘mga yetdi. 7-aprel kuni 116,1 mlrd so‘m, 8-aprel kuni esa 117,1 mlrd so‘m tushum qayd etilmoqda.

Avvalroq, ayrim tovarlar savdosi naqdsiz to‘lov tizimiga o‘tgan edi. Ularga yonilg‘i, tamaki va alkogol, uy-joy, avtomobil va 25 mln so‘mdan ko‘p qiymatga ega bo‘lgan tovarlar kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistondagi «zapravka»larda 1-apreldan benzin faqat karta orqali sotilishi haqida yozgan edi.