O‘zbekistonda yil oxirigacha 35 trln so‘mlik davlat aktivlari sotuvga chiqariladi

eʼlon qilindi
Mazkur choralar orqali iqtisodiyotda davlat ulushini 15 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

O‘zbekistonda iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish maqsadida keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sohibjon Murodov ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, yil yakunigacha umumiy qiymati 35 trillion so‘mlik davlat mulklari xususiy sektorga taklif etiladi. Dastur doirasida yana 67 ta yirik korxona xususiylashtiriladi, shuningdek, mingga yaqin ko‘chmas mulk obyekti sotuvga chiqariladi. Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun 3,5 ming gektar yer maydoni auksion orqali taqdim etiladi.

Mazkur choralar orqali iqtisodiyotda davlat ulushini 15 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, yil oxirigacha xususiylashtirishdan 13,5 trillion so‘m daromad olish rejalashtirilgan bo‘lib, uning asosiy qismi davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning takliflari asosida yer uchastkalarini tayyor hujjatlar va biznes loyihalar bilan birga taqdim etish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, hududiy hokimliklarga ham katta mas’uliyat yuklatilmoqda. Ular har bir sotilayotgan obyekt bo‘yicha investorlarni jalb qilish, xaridorlarga ko‘maklashish va jarayonni faol tashkil etishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, foydalanilmayotgan hududlarni optimallashtirish hisobiga qariyb 5 million kvadrat metr ko‘chmas mulkni sotish yoki ijaraga berish rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek