Yangiliklar

O‘zbekistonning beshta viloyatidagi markaziy bozorlar va savdo komplekslari vaqtincha yopildi

Namangan, Xorazm, Samarqand, Andijon va Buxoro viloyatlarida
O‘zbekistonning beshta viloyatidagi markaziy bozorlar va savdo komplekslari vaqtincha yopildi
O‘zbekistonning beshta viloyatidagi markaziy bozorlar va savdo komplekslari vaqtincha yopildi / Foto: Videodan olindi

Yong‘in xavfsizligi qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun Namangan, Xorazm, Samarqand, Andijon va Buxoro viloyatlaridagi markaziy bozorlar va savdo komplekslari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Samarqand viloyati hududida Samarqand tumani «Yangiariq» MFYdagi Avto Mall savdo kompleksida elektr tarmog‘i muhrlanib, faoliyat qisman vaqtinchalik cheklab qo‘yildi.

Buxoro viloyatining Kogon tumanida joylashgan 2 ta neft mahsulotlari ombori va 1 ta gaz to‘ldirish stansiyasida aniqlangan jiddiy qoidabuzarliklar sababli ularning ishlashi vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi.

Andijon viloyatidagi «Kuyganyor» dehqon bozori hududida aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilingunga qadar ayrim savdo nuqtalari faoliyati cheklangan tartibda tashkil etildi.

Xorazm viloyatining Urganch markaziy dehqon bozorida yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani aniqlanib, ayrim pavilion va umumiy ovqatlanish maskanlari faoliyati vaqtincha cheklab qo‘yildi.

Namangan viloyatidagi Sardoba savdo majmuasi bozorida xavfsizlik talablari buzilgani sababli faoliyatga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi «Askiya» bozori vaqtincha faoliyatini to‘xtatilgani haqida yozgandi.