Fan

Qozog‘iston SpaceX raketasi orqali uchta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga uchiradi

2027-yilda
Qozog‘iston SpaceX raketasi orqali uchta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga uchiradi / Foto: SpaceX

Qozog‘iston 2027-yilda Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi raketasi yordamida Yerning masofadan zondlash uchun mo‘ljallangan uchta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda.

«Qazakhstan Gharysh Sapary» milliy kompaniyasi boshqaruvi raisi Kayirjan Kojayevning ma’lum qilishicha, hozirda sun’iy yo‘ldoshlar Ostona shahrida yig‘ilmoqda va sinovdan o‘tkazilmoqda. Loyihaga oid barcha zarur tizimlar xarid qilingan bo‘lib, uskunalar yakuniy tekshiruv va qayta dasturlash bosqichida turibdi. Sinov jarayonlari joriy yilning o‘rtalaridan boshlanishi rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2029–2030-yillarda yana uchta kosmik apparatni uchirish orqali orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar sonini oltitaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yangi apparatlar avval Yevropa hamkorlari bilan ishlab chiqilgan eski sun’iy yo‘ldoshlarni bosqichma-bosqich almashtiradi.

Shuningdek, SpaceX raketalaridan foydalanish ayrim Yevropa komponentlariga qo‘yilgan cheklovlar bilan bog‘liq ekani qayd etildi. Kelgusida parvozlar Qozog‘istonning Baykonur kosmodromidan amalga oshiriladi. Hozirda orbitada Qozog‘istonga tegishli beshta sun’iy yo‘ldosh faoliyat yuritmoqda. Ulardan biri — KazEOSat-2 sun’iy yo‘ldoshining ish faoliyati tugatilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning «Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi may oyida uchirilishi haqida yozgan edik.