Qozog‘istonda ayollarning pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshiriladi

Qozog‘istonda ayollarning pensiya yoshini oshirish rejasi davom ettiriladi. Bu haqda mamlakat Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi vakili Viktoriya Shegay ma’lum qildi, deya xabar berdi Tengrinews nashri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari pensiya yoshini oshirish vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lsa-da, amaldagi qonunchilikka muvofiq bu jarayon bosqichma-bosqich qayta tiklanadi va yakunda 63 yoshga yetkaziladi. Bu esa erkaklar bilan tenglashtiriladi.
Hozirgi kunda Qozog‘istonda erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshni, ayollar uchun esa 61 yoshni tashkil etadi. Ayollar uchun yoshni oshirish 2027-yil oxirigacha muzlatilgan.
Rejaga ko‘ra, 2028-yildan boshlab pensiya yoshi 61,5 yoshga yetib, keyingi yillarda har yili oshirib boriladi. 2031-yilga kelib ayollar uchun ham 63 yosh belgilanadi.
Rasmiylarga ko‘ra, bu o‘zgarishlar pensiya tizimining barqarorligini ta’minlash va kelajakdagi to‘lovlar miqdorini oshirishga xizmat qiladi. Ya’ni inson qancha uzoq ishlasa va jamg‘arma tizimida qatnashsa, pensiyasi shuncha yuqori bo‘ladi.
Shu bilan birga, yoshi katta ayollarni qo‘llab-quvvatlash choralariga ham e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Silver Age dasturi orqali ish beruvchilarga subsidiya berilib, tajribali ayollarni ishga jalb qilish rag‘batlantirilmoqda. Bundan tashqari, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari ham amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda 2028-yildan keyin pensiya yoshini oshirishni yana kechiktirish masalasi kun tartibida emasligi ta’kidlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan pensiyani onlayn tarzda naqd pul shakliga o‘tkazish xizmati ishga tushgani haqida yozgandi.