
«ToshkentboshplanLTI» bosh loyiha instituti Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tarkibidan chiqarilib, Toshkent shahar hokimligi tuzilmasiga o‘tkazildi. Bu haqda poytaxt hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Muassasaning yangi ustaviga ko‘ra, uning faoliyati shahar hududlarini tizimli rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish va zamonaviy qurilish loyihalarini ishlab chiqishga qaratilgan.
Muassasa, eng avvalo, shahar kesimida hududlarni rivojlantirish hujjatlarini ishlab chiqadi. Bunda bosh sxemalar, shaharlarning bosh rejalari va aglomeratsiyalar strategiyalari tayyorlanadi. Shuningdek, transport, muhandislik ta’minoti, kommunal xizmatlar, ko‘kalamzorlashtirish va chiqindilarni qayta ishlash tizimlari bo‘yicha ham rivojlanish loyihalari ishlab chiqiladi.



Faoliyatning muhim yo‘nalishlaridan biri bu loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishdir. U turarjoy, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda ijtimoiy soha obyektlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlaydi. Shu bilan birga, yo‘l va transport infratuzilmasi, aeroportlar, vokzallar, muhandislik tarmoqlari va boshqa yirik obyektlar loyihalashtiriladi.
Bundan tashqari, tashkilot qurilish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi. Yangi texnologiyalarni joriy etish, materiallar mustahkamligini sinovdan o‘tkazish va konstruksiyalarni takomillashtirish ham uning vazifalaridan biridir. Binolarni rekonstruksiya qilish, mustahkamlash va kapital ta’mirlash bo‘yicha ham loyihalar ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri uy-joy qurilishidagi muammolar sababli 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblangani haqida yozgan edi.