Yangiliklar

Xorijda olingan ilmiy daraja hujjatlarini tan olish tartibi belgilandi

Xizmat uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi
Xorijda olingan ilmiy daraja hujjatlarini tan olish tartibi belgilandi / Foto: Chat GPT

Xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘yicha yangi ma’muriy tartib tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xorijiy davlatlarning attestatsiya organlari yoki ularning qonunchiligiga asosan OTM tomonidan berilgan ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlar vakolatli organ tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi. Ayrim hollarda esa ushbu hujjatlar ilmiy ekspertizasiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi va nostrifikatsiya qilinishi mumkin.

Davlat xizmatidan foydalanish uchun talabgorlar davlat xizmatlari markazlariga murojaat qiladi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi. Arizaga ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatning notarial tasdiqlangan nusxasi hamda dissertatsiya nusxasi ilova qilinishi lozim. Mazkur xizmat uchun BHMning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.

Taqdim etilgan hujjatlar haqiqiyligi tasdiqlangach, 20 kun muddat ichida ilmiy ekspertiza o‘tkaziladi. Yakuniy natijaga ko‘ra ijobiy xulosa berilsa, nostrifikatsiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtiriladi, salbiy xulosa berilgan taqdirda esa tegishli qaror qabul qilinadi. Shuningdek, berilgan guvohnomalar elektron hujjatlar repozitoriyida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nufuzli xorijiy OTMlarda ilmiy daraja olgan mutaxassislarga ipoteka krediti ajratilishi haqida yozgan edik.