Yaponiya kompaniyasi Navoiy IESda yirik bug‘-gaz qurilmasini barpo etmoqda

eʼlon qilindi
Yangi qurilma yiliga 4,8 mlrd kVt/soat elektr energiyasi va 200 GKal issiqlik ishlab chiqaradi
Navoiy IESda yirik bug‘-gaz qurilmasi qurilmoqda
Foto: Energetika vazirligi videosidan ekran tasviri

Navoiy issiqlik elektr stansiyasida quvvati 650 MVt bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi barpo etilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, yangi qurilma yiliga 4,8 mlrd kVt/soat elektr energiyasi va 200 GKal issiqlik ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, yiliga 870 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Bu esa energiya samaradorligini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda qurilish maydonida 2400 dan ziyod mutaxassislar faoliyat olib bormoqda. Ularning katta qismini mahalliy kadrlar tashkil etadi. Shu bilan birga, texnik jarayonlarga xorijiy muhandislar ham jalb qilingan. Obyektda 200 dan ortiq maxsus texnika vositalari ishlatilmoqda.

Loyiha doirasida asosiy va yordamchi inshootlar barpo etilayotir. Jumladan, boshqaruv binolari, gaz va bug‘ turbinalari, generatorlar, qozon-utilizator hamda suv sovitish minoralari qurilmoqda.

Qurilma uchun zamonaviy uskunalar Yaponiya, Xitoy, Hindiston va Jabuniy Koreyada ishlab chiqarilgan. Ular obyektning ishonchliligi va samaradorligini ta’minlaydi. Loyihaning bosh pudratchisi sifatida Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Power Ltd. kompaniyalari konsorsiumi faoliyat yurityapti. Turkiyaning «Çalik Enerji» kompaniyasi esa subpudratchi sifatida ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri mart oyida «yashil» energiya ishlab chiqarish hajmi 9,7 foizga oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek