
Andijon viloyatida qariyb 1 kg gashishning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda «O‘zbekiston24» telekanalida ma’lum qilindi.
Paxtaobod tumanida o‘tkazilgan operatsiya davomida oldindan shubha ostiga olingan Spark avtomobili to‘xtatilib, transport vositasi xolislar ishtirokida tekshirilgan. Tekshiruv jarayonida avtomobilda yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan 1995-yilda tug‘ilgan fuqaroning yonida polietilen paket borligi aniqlangan.
O‘ramlar ochib ko‘rilganda, ularning ichida jigarrang rangli va o‘tkir hidli modda borligi ma’lum bo‘ldi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu modda gashish ekani tasdiqlangan. Uning umumiy og‘irligi 964 grammni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon Andijon viloyatida 29 ta holatda qariyb 38 kg giyohvandlik vositalari aniqlangan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 kg ga oshgan.
Kursiv Uzbekistan Navoiyda 13 mlrd so‘mlik oltin talon-toroj qilingani fosh etilgani haqida yozgan edi.