
NASA’ning «Artemida-2» missiyasini bajargan astronavtlar muvaffaqiyatli tarzda Yerga qaytdi. «Orion» kosmik kemasi 11-aprelga o‘tar kechasi Tinch okeaniga, Kaliforniya yaqinida qo‘ndi.
Parvoz yakuni NASA’ning YouTube sahifasida jonli efirda namoyish etildi. Translyatsiyani 3 mlndan ortiq tomoshabinlar kuzatdi. Mazkur missiya insoniyat tarixida yangi rekord bilan yakunlandi. Astronavtlar Yerdan 407 ming km uzoqlikkacha yetib bordi. Bu 1970-yildagi «Apollon-13» missiyasi rekordidan ham yuqori natija hisoblanadi.

Kosmik kema bortida NASA astronavtlari Rid Uaysmen, Viktor Glover va Kristina Kuk, shuningdek, Kanada kosmik agentligi vakili Jeremi Hansen bo‘lgan. Ular 1-aprel kuni AQSHning sharqiy sohilidan uchirilgan edi.
Missiya davomida ekipaj Oy atrofida parvoz qilib, bir necha kun kuzatuv ishlari olib bordi. 6-aprel kuni ular qaytish jarayonini boshladi. Shuningdek, astronavtlar yangi skafandrlarni sinovdan o‘tkazdi. Ushbu kostyumlar mustaqil ravishda 6 kungacha nafas olish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yerga yaqin masofada kichik asteroid uchib o‘tgani haqida yozgan edi.