Hormuz bo‘g‘ozidan nechta kema o‘tdi

AQSh va Eron o‘rtasidan sulh tuzilganidan beri atigi 19 ta kema Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tgani ma’lum qilindi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Mojaro boshlanishidan oldin esa bu ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 138 tani tashkil etardi. Bu yuk tashish hajmining keskin kamayganini anglatadi.
Bo‘g‘oz orqali o‘tgan kemalarning faqat 4 tasi neft, gaz yoki kimyoviy mahsulot tashigan tankerlar bo‘lgan. Qolganlari esa konteyner va boshqa yuk tashuvchi kemalardan iborat.
Iqtisodiy tahlilchilar vaziyatni juda xavfli deb baholamoqda. Kema egalari hali ham hududdan o‘tish xavfsizligiga ishonch hosil qila olmayapti. Shu sababli ko‘plab kompaniyalar qatnovni vaqtincha to‘xtatgan. Tahlillarga ko‘ra, hozirda 800 ga yaqin kema bo‘g‘oz atrofida qolib ketgan. Ularning aksariyati yuk bilan to‘ldirilgan bo‘lib, birinchi navbatda aynan shu kemalarni chiqarish ustuvor vazifa bo‘ladi.

Bundan tashqari, kemalar uchun qo‘shimcha xavf ham mavjud. Dengizda minalar bo‘lishi ehtimoli va Eron tomonidan ruxsat talab qilinishi tashuvchilarni yanada ehtiyotkor bo‘lishga majbur qilmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, kemalardan o‘tish uchun to‘lov talab qilinishi ham mumkin. Bu esa xalqaro sanksiyalar sababli yana murakkabliklarni keltirib chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi kemalardan kriptovalyutada to‘lov talab qilmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.