
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev Buxoro viloyati hokimligining zamonaviy situatsion markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur markaz hududiy boshqaruvning yangi modeli asosida tashkil etilgan. Unda turli idoralar faoliyati yagona platformada jamlangan. Bu qaror qabul qilishni tezlashtirish va muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.

Situatsion markaz viloyat boshqaruvining intellektual markazi hisoblanadi. Bu yerda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, investitsiya loyihalari, transport va kommunal tizimlar, jamoat xavfsizligi hamda fuqarolar murojaatlari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida tahlil qilinadi.
Mehmonga markazning hududlar kesimida vaziyatni monitoring qilish, muammolarni erta aniqlash va ish samaradorligini baholash imkoniyatlari namoyish etildi. Shuningdek, topshiriqlar ijrosi ustidan nazorat mexanizmlari haqida ham ma’lumot berilgan.

Tashrif davomida Qozog‘iston prezidentiga noyob arxiv hujjatlari ham ko‘rsatildi. Ular Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralariga oid 1920–1950-yillarga tegishli materiallardan iborat. Mazkur hujjatlarning nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo hajmi 10 mlrd dollarga yetkazilishi haqida yozgan edi.