
Namangan viloyatida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan bog‘liq bir nechta holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Kosonsoy tumanining Qorasuv mahallasida 1982-yilda tug‘ilgan fuqaro diniy ma’lumotga ega bo‘lmasa-da, maktab o‘quvchisi bilan birga Telegram’da yashirin guruh tashkil etgan. Aniqlanishicha, ushbu guruh orqali 27 nafar ayol va qizlarga haftasiga uch kun 100–200 ming so‘m evaziga noqonuniy diniy saboq berilgan.
Shuningdek, shu tumanning Istiqlol mahallasida yashovchi 1994-yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z uyida yashirin hujra tashkil etib, to‘rt nafar voyaga yetmagan va bir nafar voyaga yetgan shaxsga diniy ta’lim bergani ma’lum bo‘ldi.
Yana bir holat Chust tumanida qayd etildi. Xususiy o‘quv markazida faoliyat yuritgan 1962-yilda tug‘ilgan fuqaro arab tilini o‘qitish bahonasida yetti nafar xotin-qizga noqonuniy diniy ta’lim bergan. Bundan tashqari, Yangi Namangan tumanida yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan ayol hamda Uchqo‘rg‘on tumanining Oqtovlik mahallasida istiqomat qiluvchi 1987-yilda tug‘ilgan uy bekasi ham o‘z xonadonida yashirin hujra tashkil etib, noqonuniy saboq berib kelgani aniqlangan.
Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda qariyb 1 kg gashishning noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.