Xavfsizlik

Navoiyda 13 mlrd so‘mlik oltin talon-toroj qilingani fosh etildi

Hozirda har ikki holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlangan
Navoiyda 13 mlrd so‘mlik oltin talon-toroj qilingani fosh etild
Foto: DXX videosidan ekran tasviri

Navoiy viloyatida 13 mlrd so‘mlik oltin talon-toroj qilingani fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.

Birinchi holatda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi 1988-yilda tug‘ilgan fuqaro guruhga boshchilik qilgan. U Karmana tumanida parrandachilik xo‘jaligi binosini ijaraga olib, yashirin sex tashkil etgan. U yerda tarkibida oltin bo‘lgan rudalar qazib olinib, kimyoviy qayta ishlangan.

Tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 qop oltinli qum va toshlar, 300 kg kimyoviy moddalar, laboratoriya jihozi, 8 ta gaz ballon va maxsus tegirmon musodara qilindi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat va ekologiyaga yetkazilgan zarar 7 mlrd so‘mdan oshgan.

Mazkur holat bo‘yicha fuqaroга nisbatan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.

Ikkinchi holat Navbahor tumanida aniqlandi. Unda mahalliy MChJ rahbari soxta ruxsatnoma asosida «Sarmishsoy» davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida 8 gektar yerda noqonuniy oltin qazib olgan. Bu jarayonga 19 nafar fuqaro jalb qilingan.

Tezkor tadbir davomida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq oltinli ruda, kimyoviy moddalar, 4 ta yuk avtomobili va 4 ta yuklovchi texnika olib qo‘yildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlangan. Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish fosh etilgani haqida yozgan edi.